Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Yakkabog‘ning Karoli
Jamiyat

Yakkabog‘ning Karoli

Ayrim kishilar borki, nomi el orasida mashhur, ammo hammayam u haqda, ishlagan joylari, ko‘rsatgan xizmatlari haqida bilmaydi. «Falonchi» desa, hamma «katta rahbarlardan!» deb biladiyu, aynan qaysi soha, hududga rahbarlik qilgani borasida ikkilanib qoladi. Shunday kishilardan biri Karol Mahmudovdir.

To‘g‘ri, u kishini yoshi kattalar yaxshi taniydi, ammo yoshlar, keyingi avlod vakillari u qadar yaxshi bilmasligi bor gap.

Taniqli davlat va jamoat arbobi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Karol Mahmudov 1922-yilda Yakkabog‘ tumanida dehqon oilasida dunyoga kelgan.

U o‘rta maktabni tamomlagach, kolxozda hosilot kengashi raisi bo‘lib ishlay boshladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, bilimi, izlanuvchanligi, mehnatkashligi hamda rahbarlik salohiyati bilan tezda e’tiborga tushadi.

1941-yilda fashistlarning sobiq ittifoqqa hujum boshlagani haqidagi xabar millionlab insonlar qatori Karol Mahmudovning ham orzulari, rejalarini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Ko‘plab yigitlar qatori u ham frontga otlanadi. Bir necha kun ichida o‘zini olovli jang maydonida ko‘radi.

Karol Mahmudov ko‘plab og‘ir janglarda ishtirok etadi. Jasorat, shijoat ko‘rsatib, dushmanga katta talafot yetkazadi, qahramonliklari harbiy qo‘mondonlik tomonidan e’tirof etilgan vaqtlari ham ko‘p bo‘ladi. Ana shunday janglarning birida o‘zi ham og‘ir jarohat oladi. Uzoq vaqt davolanishiga to‘g‘ri keladi. 1946-yilda ko‘plab jarohat asoratlari bilan qishlog‘iga qaytadi.

Urush davrida qishloq xo‘jaligi ham izdan chiqib ketgan, ocharchilik, bir burda non topish nihoyatda mashaqqat bo‘lgan davrlar edi. Buni ko‘rgan Karol Mahmudov sog‘ligini ham esdan chiqarib, yana mehnatga sho‘ng‘ib ketadi. Avvaliga paxta brigadasida tabelchi, so‘ngra hosilot kengashi rahbari, Sandal qishloq soveti raisi bo‘lib ishlaydi.

Karol Mahmudov 1949-yilda Yakkabog‘ tumani qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlanadi. 1951-1958-yillarda Yakkabog‘ tumani raykom partiyasi 3-kotibi, tuman ijroiya qo‘mitasi raisi, 1958-1961-yillarda Chiroqchi tumani ishchi qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritadi.

Shundan so‘ng Karol Mahmudov ko‘p yillar davomida Dehqonobod tumani partiya qo‘mitasi kotibi, Koson, Usmon Yusupov tumanlari partiya tashkiloti 1-kotibi vazifalarida samarali faoliyat yuritadi. 1983-yilda yana Yakkabog‘ tumaniga qaytib, tuman partiya tashkilotlari 1-kotibi bo‘lib ishlaydi.

Karol Mahmudov 2011-yilda vafot etgan.

Exit mobile version