Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan YANGI MARKAZ – GERMANIYA  SARI YO‘LNING OSTONASI
Ilm-fan

YANGI MARKAZ – GERMANIYA  SARI YO‘LNING OSTONASI

Xalqaro hamkorlik

Til bilgan – el biladi. Hunarli xor bo‘lmas…

Donolarimiz aytgan ana shu ikki ugit hikmatini o‘zida mujassam etgan kishiga esa bugun xorijda ishlash uchun yo‘l ochiq. 

Germaniyaning ta’lim, ilm-fan va texnologiya sohasida faoliyat yurituvchi Prosica GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda Qarshi davlat texnika universitetida tashkil etilgan «Xorijiy tillar va kasbga o‘qitish markazi» mehnat migratsiyasini tanlagan qashqadaryoliklarni zamonaviy talablar asosida ishga tayyorlashni ko‘zda tutgani bilan ahamiyatli.

Uning ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi Murotjon Azimov «Yoshlarni nemis tiliga o‘qitib, tartibli migratsiyaga yuborish» loyihasi doirasida tashkil etilgan yangi markaz tinglovchilarga xorijiy tilni chuqur o‘rgatish, kasb-hunarli qilish va Germaniyada qonuniy asosda ishlash imkoniyatini yaratishni ko‘zda tutganini ta’kidladi. Bu esa ularning xorijda teng huquqli mehnat qilishi, tajriba orttirishi va o‘z kelajagini barqaror qurishi, xalqaro mehnat bozoridan munosib o‘rnin topishi uchun juda muhim.

– Kompaniyamiz hozirda dunyo bo‘ylab 30 dan ortiq mamlakat va hududlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda, – deydi Prosica loyiha menejeri Miriam Shnoyrer. – Yevropaning yetakchi universitetlari olimlari va mutaxassislar bilan birgalikda ishlaymiz. Qarshidagi ushbu pilot loyiha zamonaviy texnika, intellektual o‘quv platformalari va G‘arb standartlariga mos o‘quv materiallari bilan ta’minlangan bo‘lib, o‘zbek tinglovchilari uchun eng samarali ta’lim usulini ishlab chiqishni reja qilgan. Maqsad – 2030-yilgacha jami 50 ming nafar o‘zbekistonlikni Germaniyaga o‘qish va ishlash uchun yuborish.

Ma’lumki, Prezidentning joriy yil 13-martdagi «Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan hokimlik huzurida Kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etishga ruxsat berilgan edi. Germaniya Federativ Respublikasi va Yevropa mamlakatlariga tartibli mehnat migratsiyasiga chiqish istagida bo‘lgan fuqarolarga mazkur jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 5 ming yevro miqdorida qaytarish sharti bilan bir yil muddatga ssuda ajratilishi ham nazarda tutilgan.

– Qarshi davlat universitetining iqtisodiyot fakulteti turizm yo‘nalishini tamomlaganman, – deydi  Lazizbek Olimjonov. – Germaniyada o‘z soham bo‘yicha malaka oshirish istagim bor. Yangi ochilgan markazda tayyorgarlikdan o‘tib, Germaniyada zamonaviy mehmonxona xizmati, mijozlar bilan ishlash madaniyati va yuqori servis standartlarini o‘rganib kelish hamda yurtimizda ushbu sohani rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman.

Dastlabki bosqichda markazda Germaniyadan kelgan 6 nafar malakali o‘qituvchi 250 nafar tinglovchini nemis tili va kasbga o‘qitishni boshladi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyodan sertifikatlangan mutaxassislarni Yevropa, xususan, Germaniya hamda Polshadagi ish beruvchilar bilan bog‘lashga ixtisoslashgan Motiba GmbH agentligi ham bu ishga bosh qo‘shgan. Ikki nemis subyekti joriy yilning o‘zida 3 ming nafar talabgorni yo‘lga qo‘yilgan yangi loyiha orqali nufuzli kompaniyalarga ishga yuborishni reja qilgan. Bunda har oy xorijiy ish beruvchilar vakillari viloyatimizga kelib, nomzodlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat o‘tkazadi va shu yerning o‘zida ular bilan mehnat shartnomalari ham rasmiylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Shohista BOZOROVA

Exit mobile version