Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan YANGI O‘QUV YILINI YANGI O‘QUV BINOSIDA
Ilm-fan

YANGI O‘QUV YILINI YANGI O‘QUV BINOSIDA

Qarshi davlat texnika universiteti Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakulьtetining yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.

Jarayon

To‘yga to‘yona, deganlaridek, ushbu o‘quv binosi professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi bayramiga ajoyib tuhfa bo‘ldi.

Yangi o‘quv binosining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov, rektor Sherzod Ne’matov, nuroniylar, el kayvonilari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Ramziy tasma qirqilib, tadbir ishtirokchilari o‘quv binosining xonalarini ko‘zdan kechirdilar. Hokim va yosh olimlar yuzma-yuz muloqot qilishdi. Ilmiy  tadqiqot ishlanmalari natijalari taqdimoti, iroqi kashtachilik to‘garagi a’zolarining ko‘rgazmasi tashkil etildi.

– 1000 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur o‘quv binosida 17 ta auditoriya, 12 ta laboratoriya xonasi mavjud, – deydi  universitet moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Aloviddin Zayniddinov. – Bundan tashqari, yana 8 ta ma’ruza xonasi hamda axborot-resurs markazi ham talabalar xizmatida. Avvallari o‘quv binosi 750 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, darslar ikki smenada olib borilardi. Ta’lim yo‘nalishlari soni ko‘paygani sari talabalar safi ham kengayib, yangi binoga ehtiyoj yuzaga keldi. Endi sig‘im muammosi barham topdi.

Ma’lumot o‘rnida: Qarshi davlat texnika universitetida ayni paytda talabalar soni qariyb 20 ming nafarni tashkil etadi. 2025/2026-o‘quv yilida universitetda bakalavriatura bo‘yicha 13 ta, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha esa 20 ta yangi ta’lim yo‘nalishi ochildi.

Abdurazzoq MURODOV

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.

Exit mobile version