Uy-joy kommunal xo‘jaligi
O‘tgan haftada Qarshi shahridagi Cho‘lquvar va Istiqlol mahallalarida yangi qozonxona va issiqlik tarmoqlarini barpo etish uchun qurilish-pudrat tashkilotini tanlash bo‘yicha o‘tkazilgan elektron tender natijalari e’lon qilindi.
tender.mc.uz maxsus axborot portalida joylashtirilgan ma’lumotlarga qaraganda, boshlang‘ich narxi 65,5 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan mazkur obyekt bo‘yicha tashkil etilgan tenderda Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan viloyatlarida davlat ro‘yxatidan o‘tgan va bir xil – «BB» sohaviy reytingiga ega tajribali qurilish tashkilotlari qatnashgan. Ularning takliflari turli baholash mezonlariga muvofiq ko‘rib chiqilgach, eng ko‘p ball to‘plagan Namangan viloyati Uychi tumanidagi «Obidjon Akmalxon Hamkor» mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘olib deb topilgan va tender qiymati 62,2 milliard so‘mgacha tushgan yangi qozonxona va issiqlik tarmoqlarini 340 kun ichida qurib foydalanishga topshirish majburiyatini olgan.
Shu o‘rinda «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga tayanib aytish mumkinki, Qarshi shahridagi yirik obyektni barpo etish huquqini qo‘lga kiritgan «Obidjon Akmalxon Hamkor» mas’uliyati cheklangan jamiyati ilgari ham nafaqat Namangan viloyati, balki respublikamizning boshqa hududlarida ko‘plab ulkan qurilishlarni amalga oshirgan. Jumladan, 2024-2025-yillarda ushbu korxona poytaxtda «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasining 5 ta yer osti bekatiga kirish yo‘laklari (vestibyullari)ni qayta tiklash, Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida «G‘ijduvon» erkin iqtisodiy zonasi uchun 110 kilovolt kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i va 110/10 kilovoltli podstansiya, Samarqand viloyati Gulobod qo‘rg‘onida 200 o‘ringa mo‘ljallangan tug‘ruq majmuasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining 500 o‘rinli talabalar turar joyi binosi, Andijon viloyati Shahrixon tumanida «Yangi O‘zbekiston» massivi uchun ichimlik va oqova suv tizimlari, Jizzax viloyati Baxmal tumanida «Bog‘imozorsoy» sel suv ombori va yana ko‘plab obyektlarni qurish bo‘yicha elektron tenderlarda g‘alaba qozongan.
Bu gal tenderga qo‘yilgan obyektlar – viloyatimiz markazida bunyod etilajak qozonxona va issiqlik tarmoqlari aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning buyurtmachisi ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti obyektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi bo‘lib, loyihasini tayyorlashga Qarshi shahridagi «Gazloyiha» mas’uliyati cheklangan jamiyati jalb etilgan.
– Loyiha bo‘yicha Cho‘lquvar va Istiqlol mahallalarida to‘rtta qozondan iborat, umumiy quvvati 22 megavattga teng zamonaviy blok-modulli qozonxona barpo etiladi, – deydi «Gazloyiha» MCHJ bosh muhandisi Nodir Aripov. – Shuningdek, quvurlarining diametri 70 millimetrdan 300 millimetrgacha bo‘lgan jami 14 kilometrdan ortiq issiqlik tarmoqlari barpo etiladi. Ular yordamida 4-, 5- va 6-mittitumanlardagi 50 dan ortiq ko‘p qavatli uylar va yotoqxonalar, musiqa va san’at hamda umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, gimnastika saroyi, boshqa bir qator davlat idoralari va budjet tashkilotlari issiq suv va issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. E’tiborlisi, ularning har birida individual issiqlik punkti (IIP) qad rostlaydi, ya’ni loyiha bo‘yicha jami 77 ta IIP quriladi.
Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi ichimlik suvi, oqova suv va issiqlik ta’minoti tizimlarini rivojlantirish shu’basi boshlig‘i Sardor Normurodovning tushuntirishicha, individual issiqlik punktlari ko‘p qavatli uylar yoki maktablar (bolalar bog‘chalari, boshqa tashkilotlar) binolarining yerto‘lasi (yoki texnik maqsadlarda foydalaniladigan alohida xonasi)da joylashtiriladi va qozonxonaga ulangan holda, issiqlik va issiq suvni iste’molchilar o‘rtasida taqsimlaydi, ularning hisobini yuritadi, zaruriyatga qarab issiq suv harorati va uzatish rejimini o‘zgartirib va rostlab boradi.
– Individual issiqlik punktlarining afzalliklari shundan iboratki, ular issiqlik tashuvchi sarfini sezilarli darajada kamaytirib, iste’molchilarning issiqlik va issiq suv ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlarini qisqartiradi, – deya ta’kidlaydi Sardor Normurodov. – Bundan tashqari, IIP ichki tarmoqlarni issiq suv harorati va bosimi ko‘tarilishidan himoyalaydi va shu tariqa iste’molchilar hamda soha xodimlarining xavfsizligini ta’minlaydi, avariyalar sonini kamaytiradi va ularni bartaraf etish jarayonini osonlashtiradi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining joriy yil 11- martdagi tegishli qaroriga muvofiq viloyatimizda 2025-2029-yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmani rivojlantirish dasturlari doirasida 10 ta qozonxona va 65 kilometr uzunlikdagi isitish tarmoqlari bilan bir qatorda 251 ta individual issiqlik punktini ham barpo etish rejalashtirilgan.
Qarshi shahridagi Cho‘lquvar va Istiqlol mahallalarida yangi qozonxona va issiqlik tarmoqlarini qurish loyihasi bo‘yicha iste’molchilar uchun yaratilayotgan yana bir qulaylik – uning doirasida ko‘p qavatli uylarning ichidagi isitish tizimlari (xonadonlardagi quvurlar va radiatorlardan tashqari) ham tubdan yangilanadi va bu kuz-qish mavsumida kuzatilayotgan ko‘plab muammolarni bartaraf etish imkonini beradi. Biroq shuni ham hisobga olish kerakki, 2025-2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi bo‘yicha viloyatimiz markazidagi yangi qozonxona va issiqlik tarmoqlari shu yilning oxirigacha qurilishi lozim edi, ammo yangi qonunchilik hujjatlari talabidan kelib chiqib loyihaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi hamda bajariladigan ishlar va ajratilgan mablag‘ hajmining keskin oshishi natijasida mazkur obyektlar joriy emas, kelgusi yilning isitish mavsumi arafasida foydalanishga topshiriladi. Iste’molchilarga esa yana kamida bir yil sabr qilib, eski tizimlardan foydalanib turishlariga to‘g‘ri keladi.
Temur NIZOMOV