Qashqadaryo gazetasi Jarayon Yangi qozonxona yana 2,1 mingdan ortiq xonadonni issiqlik energiyasi bilan ta’minlaydi
Jarayon

Yangi qozonxona yana 2,1 mingdan ortiq xonadonni issiqlik energiyasi bilan ta’minlaydi

Joriy yilda Qarshi shahrida yangi – RK-5 markaziy qozonxonasi va issiqlik tarmoqlarining qurilishi natijasida viloyat markazidagi Cho‘lquvar va Istiqlol mahallalarida 54 ta ko‘p qavatli uydagi 2 ming 160 ta xonadonga issiqlik energiyasi yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.

Uy-joy kommunal xo‘jaligi

Bu haqda tahririyatimizga viloyat «Issiqlik manbai» DUK rahbari Qahramon Jo‘rayev ma’lum qildi.

– Xabaringiz bor, keyingi yillarda mamlakat Prezidentining bevosita tashabbuslari va alohida topshiriqlari asosida viloyatimizda ko‘plab ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlar, shu jumladan, issiqlik ta’minoti inshootlari va tarmoqlari barpo etilgan, – dedi Q.Jo‘rayev. – Masalan, davlat rahbarining tegishli qaroriga muvofiq respublika budjetidan ajratilgan 29,8 milliard so‘m hisobidan Qarshi shahridagi Sho‘rtangaz mahallasida quvvati 14 megavattga teng RK-4 qozonxonasi va 4,8 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari ishga tushirildi. 38 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi minglab oilalarning xonadonlari  issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlandi. Viloyat markazidagi Shodlik mahallasida quvvati 18 megavattni tashkil qiladigan RK-3 qozonxonasi va 7,4 kilometrlik issiqlik tarmoqlarini qurishga esa respublika budjetidan 42,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu Shodlik va Istiqlol mahallalaridagi yana 54 ta uyga issiqlik energiyasini yetkazib berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi. Navbatdagi loyiha Qarshi shahridagi Buyuk Turon mahallasida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ro‘yobga chiqarildi. U yerda qurilgan 4 megavattli qozonxona va 2,1 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari 10 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi aholining mushkulini oson qildi. Shu o‘rinda Cho‘lquvar mahallasida bunyod etiladigan yangi obyektlarni sohada amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning mantiqiy  davomi, deb atash mumkin.

Prezidentning 2024-yil 24-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan manzilli ro‘yxatda qayd etilishicha, Qarshi shahri Cho‘lquvar va Istiqlol MFYlarda yangi qozonxona va 12 kilometr issiqlik tarmoqlarini qurishga qariyb 38,5 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Ayni paytda mazkur ro‘yxatda Koson tumanidagi Do‘stlik va Qarshi tumanidagi Chaman mahallalari hududidagi «Yangi O‘zbekiston» massivlarida issiqlik tarmoqlari qurilishini davom ettirish uchun tegishli ravishda 2 milliard so‘m va 8,6 milliard so‘m yo‘naltirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Temur NIZOMOV

Exit mobile version