10 ta universitet, 3 ta institut va 1 ta akademiya – Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 2024-2025–o‘quv yili barcha bitiruvchilari yurtimizning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.
Ta’lim va islohot
– Quvonarlisi, bitiruvchilarimizning yarmidan ko‘pi davlat grantlari, qolganlari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettiradigan bo‘lishdi, – deydi ijod maktabi direktori Yoqutoy Djamalova. – Bu yutuq, birinchi navbatda, yurtimizda keyingi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlar samarasi, shuningdek, o‘quvchilarimizning tinimsiz mehnati, ustozlarimizning professional yondashuvi va ota-onalarning farzandlariga bo‘lgan g‘amxo‘rligi natijasidir.
Bir necha oy oldin ijod maktabini tamomlagan va hayotidagi ilk jiddiy sinovlardan o‘tib, ulkan maqsadlar sari muhim qadam tashlagan yigit va qizlarning endi qaysi oliygohlar talabasiga aylanganini bilsangiz, qashqadaryolik yoshlarning muvaffaqiyatlaridan, albatta, faxr hissini tuyasiz. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi… Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Ayni paytda ijod maktabi bitiruvchilarining test sinovlarida to‘plagan o‘rtacha ballari 170 balldan oshgani va mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha joriy yilda ham bu maskan respublika miqyosida eng yuqori o‘rinlardan biriga ko‘tarilgani yoshlarning bilim darajasi naqadar yuqoriligidan dalolat beradi.
– Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida to‘rt yil, ya’ni 8-11-sinflarda o‘qigan bo‘lsam, shu vaqt ichida ikkita xorijiy til – ingliz va nemis tillarini o‘rgandim, qator fanlar bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdim, jamoa tarkibida «Zakovat» turnirining final bosqichida bir necha bor g‘olib va sovrindor bo‘ldim, «Yosh kitobxon» ko‘rik-tanlovida muvaffaqiyat qozondim, – deydi Qamashi tumani Sohibkor mahallasida tug‘ilib o‘sgan, joriy yilda esa test sinovida 187,9 ball to‘plab, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga «Siyosatshunoslik» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan Abror Axmedov. – Yutuqlarimning barchasida, avvalambor, o‘qituvchilarimning, qolaversa, ijod maktabida yaratilgan o‘ziga xos intellektual izlanish muhitining hissasi kattadir. Muhimi – bu maskanda o‘zimga, qobiliyatimga bo‘lgan ishonchim ortib, doimo olg‘a intilish va boshqalarni ham shunga undashga odatlandim. Darvoqe, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida bolalikdan kitobga bo‘lgan mehrim ham oshib, hozir Telegram messenjeridagi shaxsiy blogim orqali yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilib kelayapman. «Zakovat»ga qiziqishim ham sira so‘ngani yo‘q, shu kunlarda Sohibkor mahallasining jamoasi tarkibida «Besh tashabbus» olimpiadasi doirasida mahallalar yoshlari o‘rtasida o‘tkaziladigan «Zakovat» turniri respublika bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayapman.
Ijod maktabining rahbariyati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga qaraganda, ushbu ta’lim maskanini 2024-2025-o‘quv yilida tamomlagan bitiruvchilarning aksariyati universitet va institutlarda «Filologiya», «O‘zbek tili va adabiyoti» hamda «Xorijiy til va adabiyot» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishni davom ettirishadi. Shu bilan birga ular orasida «Yurisprudensiya», «Xalqaro munosabatlar», «Turizm va mehmondo‘stlik», «Rejissorlik», «Biznesni boshqarish», «Tergov faoliyati», «Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar» kabi yo‘nalishlarni tanlagan yoshlar ham talaygina. Demak, kelajakda ushbu maktab bitiruvchilarining chuqur bilimlari, keng dunyoqarashi va yangicha yondashuvlari yurtimizda ko‘plab soha va jabhalar taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.