Istiqbolli loyiha
Yaqin ikki yil ichida Shahrisabz shahrida markaziy qozonxona va issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilib, 60 ta individual issiqlik punkti (IIP)ni o‘rnatish rejalashtirilgan.
Dastlabki qiymati 8,7 million dollarni tashkil etayotgan mazkur loyiha mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 11 martdagi qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshiriladigan yangi istiqbolli loyihalar ro‘yxatiga kiritilgan. Uning doirasida Yashil shahardagi markaziy qozonxona quvvatini 17 megavattga yetkazib, faoliyatini zamonaviylashtirish, 15 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va 60 ta ko‘p qavatli uyning har birida IIP o‘rnatish evaziga 2 ming 400 ta xonadon issiqlik ta’minotini tubdan yaxshilash nazarda tutilgan.
Shuningdek, davlat rahbarining yuqorida qayd etilgan qaroriga asosan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida «Issiqlikta’minoti» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilib, uning ustav kapitalini 23 ta xo‘jalik jamiyati va korxona (shu jumladan, Qashqadaryo viloyati «Issiqlik manbai» DUK) ustav kapitali hisobiga shakllantirish, issiqlik ta’minoti korxonalarining joriy yil 1 yanvar holatiga mavjud qarzdorliklarini kechiktirish, hisoblangan penya va jarimalarni hisobdan chiqarish, tarmoqda davlat-xususiy sheriklik asosida 9 ta loyihani amalga oshirish va mamlakatimizda uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan yana ko‘plab chora-tadbirlar belgilandi.
Hujjat bilan tasdiqlangan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan loyihalarning yig‘ma parametrlariga muvofiq, 2025-2029 yillarda viloyatimizda umumiy qiymati 188,3 milliard so‘mga teng loyihalar doirasida 10 ta zamonaviy qozonxona, 65 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari qurish va 251 ta IIP o‘rnatish mo‘ljal qilingan.
