Muborak tumanidagi Qoraqum mahallasida yashovchi Azamat Jumayev xonadonida Qarshi davlat texnika universiteti tadqiqotchilari tomonidan «Yashil xonadon» loyihasi doirasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Aynan shu xonadonning minimal ehtiyojidan kelib chiqib, 1,2 kilovatt quvvatli quyosh panellari va unga mos ravishda energiya yig‘uvchi akkumulyator, 200 litr sig‘imli quyosh suv isitkich (geliokollektor) va 4 dona tungi quyosh yoritqichi o‘rnatildi.
Tadqiqotchilarning bu oilani tanlaganlari bejiz emas. Azamat Jumayev 2014- yildan buyon ikkinchi guruh nogironi, ma’lumoti oliy. Oilada 4 kishi bor. Katta o‘g‘li Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi. Yana bir o‘g‘li maktab o‘quvchisi. Oilada doimiy ish bilan band bo‘lganlar yo‘q.
– Quyosh panelining o‘rnatilgani, albatta, oilamizga foyda, yana daromad ham keltiradi, – deydi Azamat Jumayev. – Elektrga, suv qizdirishga ketadigan pulimizdan ancha iqtisod qilamiz. Bundan tashqari, kunlik energiyani tejab ishlatsak, davlatga ham sotishimiz mumkin. Bu ham bir daromad. Bu pulni ro‘zg‘orning kam-ko‘stiga, o‘g‘limning kontrakt puliga ishlatamiz. Universitet olimlaridan minnatdormiz. Buning afzalliklarini qishloqdoshlarimga ham tushuntiraman, ularga ham targ‘ib qilaman.
Ushbu oila xo‘jaligi misolida to‘liq avtonom elektr ta’minotini yaratish, tarmoqdan uzilgan holatda ham ishlashini ta’minlash va maishiy ehtiyojlari uchun issiq suv ta’minotini tashkil etishga xizmat qiladigan, ekologik toza, quyosh energiyasida ishlaydigan «Yashil xonadon» loyihasi amalga oshirildi.
– Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, endilikda bu xonadon elektr energiyasining o‘zidan 2 million so‘mgacha daromad qiladi, – deydi universitetning energetika muhandisligi kafedrasi dotsenti Xayrulla Davlonov. – Bundan tashqari, geliokollektorni olaylik. U elektr suv qizdirish qurilmalari, masalan «ariston»ga nisbatan yiliga 8000-10000 kilovatt soat elektr energiyasini tejaydi, natijada kamida 8-10 million so‘m atrofida yillik foyda olish imkonini beradi.
«Yashil xonadon» loyihasi asosida Qarshi davlat texnika universitetining muqobil energiya manbalari mutaxassisligi magistranti Medhun Sohibov tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu xonadon kelgusida «Energetika muhandisligi» kafedrasi yosh olimlari uchun tajriba-tadqiqot poligoni vazifasini ham bajaradi. Ular mazkur xonadon misolida muqobil energiya manbalarini qishloq xonadonlarida tatbiq etishning ilmiy yechimlari bo‘yicha tadqiqot ishlarini amalga oshiradilar.
Abdurazzoq MURODOV
