E’tirof
Yurtimizdagi 6 ta oliy ta’lim tashkilotining 7 nafar talabasi Qashqadaryoning eng yirik sanoat korxonalaridan biri – «Uzbekistan GTL» mas’uliyati cheklangan jamiyatining VII stipendiya dasturida g‘olib chiqdi.
«Uzbekistan GTL» MCHJ mas’ullarining ma’lum qilishicha, stipendiya dasturi doirasidagi tanlov mamlakatimiz Prezidentining «Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi va unda O‘zbekistonning texnika va texnologiya yo‘nalishlariga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarida 3-4-bosqich bakalavriat hamda 1-2-bosqich magistratura bosqichlarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlar ishtirok etishdi.
Tanlov jarayoni uch bosqichda tashkil etildi. Dastlab talabgorlardan onlayn-anketa orqali ro‘yxatdan o‘tish talab etildi. So‘ngra saralangan yoshlar o‘z mutaxassislik yo‘nalishlari hamda xorijiy til bo‘yicha yozma imtihon topshirdilar. Yakunida esa yuqori natija ko‘rsatgan talabalar bilan suhbat o‘tkazildi.
Natijada tanlovda mexanika yo‘nalishi bo‘yicha Qarshi davlat texnika universiteti talabasi Muhammad Ravshanov, laboratoriya yo‘nalishi bo‘yicha Qarshi davlat universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari Asilbek Zokirov va Abbosxo‘ja Baxromov, mehnat muhofazasi hamda nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatikasi yo‘nalishlari bo‘yicha Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabalari Sanjarbek Bozorov va Rustam Ismatov, texnologiya yo‘nalishi bo‘yicha Yangi O‘zbekiston universiteti talabasi Javohir Ne’matjonov va elektr ta’minoti yo‘nalishi bo‘yicha Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talabasi Hojiakbar Oydinov g‘alaba qozonishdi. Nizomga ko‘ra, ularga 2025-2026 o‘quv yili mobaynida har oy belgilangan miqdorda stipendiya to‘lab boriladi. shuningdek, «Uzbekistan GTL» MCHJ stipendiatlari korxona kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
Tanlovda texnologiya yo‘nalishi bo‘yicha qatnashgan yana bir talaba – D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali talabasi Odinaimuzayyana Valiyeva «Uzbekistan GTL» stipendiya dasturining faol ishtirokchisi deb topildi.
Zavod mutasaddilari stipendiya dasturi g‘oliblarini tabriklar ekanlar, ushbu muvaffaqiyat iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, kelajakdagi kasbiy va shaxsiy rivojlanishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirishdi.
O‘z muxbirimiz