Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat YIQILMAGAN EMAS, BIR NECHA BOR YIQILIB, YANA OYOQQA TURGAN INSON KUCHLIDIR
Ma’naviyat

YIQILMAGAN EMAS, BIR NECHA BOR YIQILIB, YANA OYOQQA TURGAN INSON KUCHLIDIR

Saralangan satrlar

Turli manbalarda Medexon yoki Modexon deb ataladigan shaxs haqida eshitgandirsiz. Miloddan avvalgi III-II asrlarda yashagan va hayoti afsona va rivoyatlarga aylanib ketgan bu inson xunlar hukmdori bo‘lib, Markaziy Osiyo tarixidagi buyuk sarkardalardan sanaladi. Rivoyatlarda uning nomi O‘g‘uzxon deb keltiriladi. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti vakili Isajon Sulton Botir Tangriqut deb atab, yaqinda u haqda yangi romanini e’lon qildi.

Tangriqut – qadimgi turkiylarda xoqon ma’nosida qo‘llangan. Xitoy manbalarida “Mete” deya keltirilgan nomni esa muallif Botir deya talqin etadi.

Xo‘sh, bu hukmdorning o‘ziga xosligi va buyukligi nimada?

Manbalarda qayd etilishicha, xun hukmdori Tumanxon to‘ng‘ich o‘g‘li Modexonni emas, balki boshqa xotinidan bo‘lgan kichik o‘g‘lini taxt vorisi qilmoqchi bo‘ladi. Shu sababli katta o‘g‘lini dushman qabila – yuechjilarga garovga beradi va ularga qarshi to‘satdan hujum qiladi. Ammo Modexon chaqqonlik bilan ot o‘g‘rilab, qochib qutuladi va o‘z qabiladoshlari oldiga qahramon bo‘lib qaytadi. Otasi uning jasoratini ko‘rib, 10 ming kishilik qo‘shin beradi.

Modexon dunyo tarixida birinchilardan bo‘lib armiyada o‘nlik tizimni (10, 100, 1000, 10 000 kishilik bo‘linmalar) joriy etgan. Uning davrida davlat qat’iy harbiy intizomga va markazlashgan boshqaruv tizimiga o‘tadi. Imperiya chap (sharqiy) va o‘ng (g‘arbiy) qanotlarga bo‘linib, ularni hukmdorning eng ishonchli odamlari boshqargan.

Hokimiyatga kelgach, Modexon Xun imperiyasining hududlarini misli ko‘rilmagan darajada kengaytiradi. Dastlab dunxu qabilasini tor-mor etadi. So‘ng yuechjilar va dinlinlar ustidan g‘alaba qozonadi. Xitoy ustiga yurish qilib, imperator boshchiligidagi 320 minglik qo‘shin ustidan g‘alaba qozonadi. Natijada Xitoy Xun imperiyasiga har yili ipak, g‘alla, guruch va sharob shaklida ulkan o‘lpon to‘laydigan bo‘ladi. Xitoy malikalari Xun shanyuylariga xotinlikka berila boshlaydi. Xun imperiyasi Xitoy bilan teng huquqli buyuk davlat maqomiga ega bo‘ladi.

Modexon tuzgan imperiya sharqda Koreya va Sariq dengizdan, g‘arbda Pomir tog‘lari va Qozog‘istongacha, shimolda Baykal ko‘lidan janubda Xitoy devorigacha bo‘lgan ulkan hududni qamrab olgan.

Isajon Sultonning “Botir Tangriqut” romani turkiylarning buyuk ajdodi tarixidan so‘z ochadi. Asar tarix ixlosmandlari va chinakam badiiyat muhiblariga juda ma’qul keladi.

*  *  *

Ko‘chkin qushi o‘z yerlari – O‘kuz suvi, Yoyiq cho‘li, Tangritog‘ yonbag‘irlari, olis qarag‘ay o‘rmonlari, qorlari erimagan o‘lkalar, mavj urgan Boyko‘l, sohili ko‘rinmas Idil, Oy osti yurtlari uzra qichqirib qanot qoqadi.

Nimalar deb qichqiradi u?

“Yovqur, to‘g‘riso‘z, suyukli elim qani?” deb so‘raydi.

“Er kishining dong‘ini, to‘g‘riligini ardoqlaydigan uluslar yer yuzida qoldimi?” deb so‘raydi.

*  *  *

To‘ru deb elning buzilmas yasoqlarini aytishardi. Turk tuzugi qutlug‘dir, chunki uni Tangri bergan, derdi.

Tangri sizni to‘g‘ri qilib yaratdi, o‘yingizni, yemishingizni, yashashingizni to‘g‘ri bo‘lishini istadi.

Kimlarnidir bunday qilib yaratmadi, ular o‘z egriliklarida adashib-uloqib yashab kelmoqdalar.

*  *  *

Bir otliq ikkita erga teng bo‘ladi. Ot sen bilan birgalashib urushadi, yov kishisini tishlaydi, tuyog‘i bilan tepadi, ko‘ksi bilan urib yiqitadi, ustidan bosib-yanchadi. Otliqning dovyurakligi otiga o‘tadi. Bilib oling: otingizni og‘angizday ko‘ring. U bilan yotib, u bilan turing. Shunda o‘n minglik cherik yigirma mingga aylanadi!

*  *  *

Bizlar ot ustida tug‘ilib, ot ustida o‘lamiz. Erkni sevadigan ulusmiz.

*  *  *

Gaozu bilgich kishi edi. Uning chovushlikdan xoqonlikkacha bo‘lgan yo‘li bor-yo‘g‘i yetti yil surdi.

Aytishlaricha, oldingi xoqon qo‘rg‘onga kelib, barcha uni qutlashga chiqqanida, xoqon “Kim o‘n ming oltin keltirmasa, qoshimga kirmasin”, debdi. Shunda Gaozu bir chaqalik mis tangani olib kirib, “Men o‘n ming oltin keltirdim” debdi. Xoqon buni ko‘rib “Angladingizmi? Bu yigitcha sen so‘ragan narsaning qiymati shu mis chaqachalik emas. O‘n ming oltin deb u o‘zini aytmoqda” deb, soqchilikka olgan ekan. O‘sha soqchi endilikda xoqon o‘rniga o‘tirdi.

*  *  *

Barcha Gaozuning so‘zlarini bosh egib tinglardi.

– Ko‘k o‘g‘li senga shunday o‘git beradi urush – aldovdir. Qo‘lingdan kelmaydigan ishni keladigan, shuningdek, yaqin bo‘lganingda o‘zingni uzoqday, uzoq bo‘lganingda yaqinday qilib ko‘rsatishing kerak. Yov ochko‘z bo‘lsa, boyliklar bilan ko‘zini o‘ynat, kimning budunida boshvoqsizlik bo‘lsa – bosib ol, yov urushga shay bo‘lsa, ko‘zingni katta och, kuchli esa, avra. Qizg‘in bo‘lsa, uni yana-da qizdir, burni ko‘tarilgan bo‘lsa, yanada shishir. Kim horib, tin olayotgan bo‘lsa, uni yanada charchat, kimlar o‘rtoq bo‘lsa – orasini buz, kim o‘ysiz bo‘lsa, to‘satdan yanch! Bularni bilgan xoqon sira yengilmaydi!

*  *  *

Uluslar orasidagi kelishmovchiliklar boshqa biron elda yuz bersa, kulini ko‘kka sovurib yuborishi tayin, biroq junggu elida o‘zaro urushlar sezila qolmasdi: minglab kishi qirilib ketsa-da, kishisi ko‘pligi uchun bilinmasdi.

*  *  *

Qon o‘ta ko‘hna, uzoq chog‘lardan buyon mudrab yotgan edi. Bu ulusning atak-chechak qila boshlagan jo‘jiqlari-da o‘zlaricha chiviqdan yoy yasab, otib yurmasmidi? Otga minolmasdan, qo‘y-qo‘zi, uloqlarni ot qilib chopmasmidi? Ulg‘aya boshlagan o‘spirinlari ulus qizlarining ko‘z o‘ngida, chopa kelayotgan ot ustidan boshqa otga irg‘ib, og‘ir toshlarni ko‘tarib, olish-solish sinovlarini qozonib, yuksak tepalardan sakrab, tuproq sachratib o‘zini ko‘rsatmasmidi?

Shunday botirlari bor ulus Tangriqut tuzgan tuzum ila urushga kirsa, yovning kulini ko‘kka sovurmaydimi? Qolaversa, qo‘shindagi bironta er o‘limni ko‘zga ilmaydi, elning kuchi shunda emasmi?

*  *  *

Sira yiqilmagan xoqon buyuk sanalmaydi. Bir necha kez yiqilib, yana oyoqqa turgan xoqon buyukdir.

*  *  *

Xoqon o‘zini o‘ylab qilich yalang‘ochlashi, o‘rduboshi achchiqlangani uchun urush boshlashi kerak emas. Bunday ishlar ulusga yaxshilik keltirsagina qilinadi. Tushkunlik sevinchga, yovuzlik bayramga aylana oladi, biroq qulagan el tiklanmaydi, o‘lganlar tirilmaydi.

*  *  *

Yer yuzida urushdan qimmat ish yo‘qligini aytar edilar, oldin yashab o‘tgan kishilarning bu so‘zlari chin ekaniga yana bir karra ishondim. Chunki esi yo‘q kishilargina urushni qut keltiradi, deb bilishadi. Eslilar uchun eng qutlug‘i omonlikdir.

*  *  *

Ko‘k Tangrisi o‘rmon-o‘tloq, yilqi-suruvni barchaga yetarli qilib beradi. Yer yuzida birov birovning yer-suviga ko‘z tikmasa, och-yupun kishi qolmagan bo‘lardi. Urushlar ochko‘zlikdan kelib chiqadi. Otalarimiz aytishgan: ochko‘zlik qilma. O‘zim bo‘lay dema, boringni ulusing bilan bo‘lish! Chunki ulus bor bo‘lsagina sen borsan!

*  *  *

Yurishlar chog‘ida Botirning cherigi bir cho‘lda to‘xtadi. Cherikdagi xotinlardan biri bo‘g‘oz bo‘lib, otasi bilan eri urushda o‘lgan edi. Xotinning ko‘zi yorishar chog‘i keldi, tevaragiga alanglab-alanglab, bir og‘ochning kavagiga kirib, o‘sha kavakda bolasini tug‘di. Otasi o‘lgani uchun Botir uni o‘ziga o‘g‘il qilib oldi. Ulus kishilari qabuq og‘ochining kavagini qobuqchoq deyishar edi, og‘och kavagida tug‘ilgani uchun unga “qipchoq” deb ot berildi.

Xoqonning bir cho‘bir olacha oti bo‘lib, uni juda yoqtirardi. Cho‘lda o‘sha ot ko‘zdan yo‘qolib qochdi. U yerda yuksak bir tog‘ bo‘lib, Muztog‘ der edilar. Cho‘qqilari qordan oppoq edi. Xoqonning oti o‘sha muz tog‘ ichiga qochib ketdi. Cherikda bir dovyurak bek bor bo‘lib, o‘ta chidamli edi. O‘sha bek tog‘larga kirdi, yurdi, to‘qqiz kundan so‘ng xoqonga ayg‘ir otini keltirdi. Muz tog‘da ko‘p sovuq bo‘lganidan ul bek qorga burkanmish, oq-oppoq edi. Xoqon sevindi, kuldi. “Beklarga sen bo‘lgin boshliq, sening oting bo‘lsin qorliq”, dedi. Qarluq ulusi shunday yuzaga keldi.

*  *  *

Egsa yosin Qora toqqa o‘g‘rab keldim,

Qanqi to‘pi to‘y tutmadi, anda bo‘ldim,

Oltun ko‘zli tabushqanni keturdi deb,

G‘oz oyoqli uchta ayri tamg‘a berdim…

Bu qo‘shiq qatida yelayotgan otlar dupuri, ko‘kda angal solishga shaylangan yirtqich qushlar qanotining tovushi, haydar yellarning g‘uvullashlari, muzloq o‘ngir qorlarining to‘zoni, mangu o‘rmon shovuri, yoyiqlarning erkin epkinlari bor bo‘lib, barchasining egasi shu el ekanini bildirardi.

*  *  *

Xon bir bo‘lsa – el tuzalur, ikki bo‘lsa – el buzilur. Burungi o‘tganlar aytib ketishgan: bir qinga ikki qilich sig‘mas, bir xotinni ikki er olib o‘tirolmas, bir yurtga ikki to‘ra bosh bo‘lmas.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version