Prezidentning 2022-yil 3-fevraldagi «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Madaniyat, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorlikda o‘tkazib kelayotgan «Yosh ijrochilar» respublika tanlovida Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabining 20 nafar, Qarshi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabining 2 nafar o‘quvchisi g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Iqtidorli yoshlar – yurt tayanchi!
Ushbu tanlov fortepiano; torli cholg‘ular; damli va zarbli cholg‘ular; xalq cholg‘ulari; an’anaviy cholg‘u ijrochiligi; akademik xonandalik; estrada xonandaligi; estrada cholg‘u ijrochiligi; xoreografiya san’ati; teatr (tomosha) san’ati; folklor ijrochiligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilib, ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalarning musiqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning qalbida milliy madaniyatga bo‘lgan muhabbatni shakllantirish, yosh iste’dodlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
Bu yilgi «Yosh ijrochilar» tanlovi g‘olib va sovrindorlari 70 ta nominatsiya bo‘yicha 628 nafar ishtirokchi orasidan aniqlanib, ular kuni kecha poytaxtdagi Turkiston san’at saroyida tantanali taqdirlandi.
Natijalarga ko‘ra, Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchilari bo‘lgan Qalandar Qarshiyev xalq cholg‘ulari yo‘nalishining «Rubob-prima» nominatsiyasida, Umida Fayzullayeva an’anaviy cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishining «Dutor» nominatsiyasida, Umidjon Nuriddinov estrada cholg‘u ijrochiligining «Saksofon-tenor» nominatsiyasida, Nazira Po‘latova xoreografiya san’ati yo‘nalishining «Zamonaviy raqs» nominatsiyasida, Zuhriddin Kenjayev folklor ijrochiligi yo‘nalishining «Erkak ovozi» nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ularning 8 nafar maktabdoshi turli nominatsiyalarda 2-o‘rinlarni, yana 7 nafari 3-o‘rinlarni band etib, sovrindorlar qatoridan joy olishdi.
– Ta’lim tashkilotimizda 454 nafar o‘quvchi 7 ta yo‘nalishda 16 kasb bo‘yicha ta’lim olib kelmoqda, – deydi Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi direktori Dilshod Madiyev. – «Yosh ijrochilar» respublika tanlovida 60 nafar o‘g‘il-qizlarimiz bilan qatnashdik. Ular erishgan yuksak natijalar maktabimiz pedagogik jamoasining yoshlarga ta’lim berishdagi astoydil mehnatlari e’tirofi bo‘ldi desam, mubolag‘a emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tanlovda 1-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar o‘z yo‘nalishidagi oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishda kasbiy-ijodiy imtihonlarning bitta fani bo‘yicha maksimal ball ko‘rinishida imtiyozga ega bo‘lishadi.
«Yosh ijrochilar» respublika tanlovida Qarshi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi nomidan qatnashgan o‘quvchilar – Bahodir Shomirzayev va Shabnam Hasanova folklor ijrochiligi yo‘nalishining mos ravishda «Erkak ovozi» hamda «Ayol ovozi» nominatsiyalarida 2-o‘rinlarni qo‘lga kiritgani ham e’tirofga loyiq.
O‘z muxbirimiz