Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan YOSH OLIMLARIMIZNING YUTUQLARI BARDAVOM BO‘LSIN!
Ilm-fan

YOSH OLIMLARIMIZNING YUTUQLARI BARDAVOM BO‘LSIN!

Ilm-fan va texnologiyalar

Qarshi davlat texnika universitetining biryo‘la ikki nafar o‘qituvchisi «Kelajak muhandislari» respublika ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlari qatoridan o‘rin egalladi.

Universitetning «Energetika muhandisligi» kafedrasi katta o‘qituvchisi Inomjon Xotamov tanlovning professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi «Eng yaxshi g‘oya» yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Unga Prezident sovg‘asi – BYD Chazor avtomashinasi topshirildi.

Yana bir e’tiborli jihati, mazkur tanlovning «Eng yaxshi g‘oya» yo‘nalishida ikkinchi o‘rin ham Qarshi davlat texnika universiteti vakiliga nasib etdi. «Texnologik mashinalar va jihozlar» kafedrasi dotsenti G‘anisher Rahimov 82 million 400 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Bu yuksak natija nafaqat universitet jamoasi, balki viloyatimiz oliy ta’lim tashkilotlari uchun unutilmas voqea bo‘ldi. O‘z navbatida, ushbu sovrin yosh olimlar va talabalarni yangi g‘oyalar sari ruhlantiradi, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

– Tanlovda «Kombinatsiyalashgan bioenergetik qurilma» loyihasi bilan qatnashdim, – deydi Inomjon Xotamov. – Ushbu qurilma yordamida, asosan, organik chiqindilarni va mahalliy biomassani kompleks qayta ishlash natijasida besh xil turdagi mahsulot – piroliz gazi, suyuq yoqilg‘i, biochar, biogaz va yuqori sifatli bioo‘g‘it ishlab chiqariladi. Bu g‘oya hakamlar hay’ati tomonidan qo‘llab-quvvatlanganidan xursandman. Prezident sovriniga ega bo‘lish, yoshlarga, yosh o‘qituvchilarga berilayotgan e’tibor bizga kuch, motivatsiya beradi. Shu bilan birgalikda mas’uliyat yuklaydi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni muhandislik va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, zamonaviy iqtisodiyotning innovatsion o‘sishini ta’minlaydigan ilg‘or texnologiyalarni yarata oladigan yangi avlod muhandislarini tayyorlash, shuningdek, eng salohiyatli yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha «Eng yaxshi g‘oya», «Eng yaxshi loyiha» va «Eng yaxshi ixtiro» singari ko‘plab ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda.

– Bu natija olimlarimizning ilmiy izlanishlari mevasi, – deydi Qarshi davlat texnika universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori G‘ulom Uzoqov. – Tanlovga 164 ta loyiha topshirib, 5 ta yetakchi universitetdan biri bo‘ldik. Akseleratsiya, ya’ni o‘tish bosqichida 13 ta loyiha bilan 1-o‘rinda qayd etilganimiz ham ilmiy ishlanmalar salmog‘i yuqori ekanligidan dalolat beradi. Yakunda 6 loyihamiz hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etildi. E’tiborli jihati, yosh olima Sevara Mirzayorova tanlovdagi faol ishtiroki uchun «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Yana bir yangilik, kuni kecha Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazilgan «Eng yaxshi oliy ta’lim ixtirochisi» respublika tanlovida Qarshi davlat universiteti va Qarshi davlat texnika universiteti yosh olimlaridan 5 nafari g‘olib va sovrindor sifatida e’tirof etildi.

Bunday e’tirof va rag‘bat, avvalo, ilm-fan va innovatsiyaga intilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilgan imkoniyatlarning amaliy samarasidir. Qarshi davlat texnika universiteti yosh olimlarining respublika miqyosidagi tanlovlarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari esa jamoada ilmiy izlanish va innovatsion g‘oyalarga bo‘lgan e’tibor tobora yuksalib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, bu kabi natijalar yangi g‘oyalar, ilmiy ishlanmalar va ixtirolar uchun keng yo‘l ochib, yoshlarni izlanishdan to‘xtamaslikka, o‘z bilim va salohiyatini Vatan taraqqiyoti yo‘lida safarbar etishga undaydi. Zero, bugungi g‘oya va izlanishlar ertangi kunning zamonaviy texnologiyalari, yangi ish o‘rinlari va iqtisodiy taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Abdurazzoq MURODOV

Exit mobile version