taraqqiyotga xizmat qiladi
Iqtidor egalari
Insoniyat hamon turli kashfiyotlar, ixtirolardan hayratlanib yashaydi. Biroq kecha kim uchundir olamshumul voqea bo‘lgan yangilik, bugun oddiy hodisaga aylanmoqda. Shunday bo‘lsa-da, hayot davom etar ekan, ko‘p narsalar shov-shuvli, ajabtovur bo‘lib qolaveradi.
Qarshi davlat texnika universiteti yosh olimlarining ilmiy izlanishlari u qadar hayratlanarli bo‘lmasligi mumkin, lekin odamlarning og‘irini yengil qilish, moliyaviy muammolariga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etishi aniq.
Nam ko‘mir qanday yonadi?
Tabiatdagi narsalarning muqobili yoki qarshi variantlari bor. Kun va tun o‘zaro nomutanosib bo‘lgani singari, yaxshilik va yomonlik, to‘g‘rilik va egrilik kabilar hamisha bir-biriga zid hisoblanadi. Suv esa olovning dushmani…
Dotsent Bobur Toshmamatovning ilmiy tadqiqotida suv o‘tni o‘chirishga emas, balki ko‘mir kukunining yonishiga yordam beradi. Ha, shunday.
Olimning ilmiy ishi «Biomassa pirolizi asosida «suv-ko‘mir» muqobil yoqilg‘isini yaratish va uni energetik qurilmalarda qo‘llash samaradorligini oshirish» deb nomlangan. Xo‘sh, uning ahamiyati nimada?
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki olti oyida mamlakatimizda tabiiy gaz qazib olish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,4 foizga kamaydi va import sezilarli darajada oshdi. Natijada muqobil yoqilg‘ilarni ishlab chiqish va sanoatda joriy etish strategik zaruriyatga aylandi.
Masalaning yana bir jihati bor. 1 tonna ko‘mir yoqilganda, atmosferaga 1-5 kilogramm chang zarralari, 30 kilogrammgacha oltingugurt oksidi, 5 kilogramm azot oksidi ajraladi va havoni ifloslantiradi.
Bobur Toshmamatov tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyaning asosiy afzalligi shundaki, u biomassa va uglevodorodli chiqindilarni qayta ishlash orqali bir vaqtning o‘zida muqobil yoqilg‘i hamda issiq suv olish imkonini beradi. Bu yondashuv, bir tomondan, tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojni qisman kamaytirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, sanoat va maishiy jarayonlarda hosil bo‘ladigan chiqindilarni foydali mahsulotga aylantirish imkonini yaratadi.
Texnologiyaning yana bir muhim jihati – qurilmaning o‘zini ishlatish uchun zarur bo‘lgan yoqilg‘i bilan o‘zini-o‘zi ta’minlash imkoniyati. Ya’ni ishlab chiqarilgan muqobil yoqilg‘ining ma’lum qismi keyingi texnologik jarayonda qurilma uchun energiya manbai sifatida qayta foydalanilishi mumkin. Bu esa tashqi yoqilg‘i manbalariga qaramlikni kamaytirib, texnologiyaning energetik samaradorligini oshiradi.
Taklif etilayotgan texnologiya esa chiqindilarni qayta ishlash va ulardan muqobil yoqilg‘i olishga asoslangani sababli sanoat va maishiy tashlamalar hajmini kamaytirish, energiya resurslaridan samarali foydalanish va ekologik yuklamani pasaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Suv, harorat, bug‘ va yana suv
Jahonda aholini chuchuk suv bilan ta’minlashda quyosh energetik qurilmalari asosidagi energiya samarador texnologiyalardan foydalanish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ma’lumki, Yer yuzasidagi suvning 97 foizini sho‘r suvlar tashkil etadi, qolgan 2 foizi shimoliy va janubiy qutblardagi muzliklardan iborat. Faqatgina 1 foiz qismi ichimlik suvi hisoblanadi. Bunday miqdordagi zaxira ehtiyojga nisbatan juda kam bo‘lib, 2025-yilgacha sayyoradagi 2,8 milliardga yaqin odam suv tanqisligiga duch kelgan bo‘lsa, 2050-yilga borib bu ko‘rsatkich 4 milliardga yetishi bashorat qilinmoqda.
Qashqadaryo viloyatining ba’zi tumanlarida iste’molga yaroqli bo‘lgan suv zaxiralari juda kam. Shuning uchun ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, chorvachilik tarmog‘ini suv bilan ta’minlash va aholining iste’molga yaroqli bo‘lgan suvga ehtiyojini qondirish uchun mavjud manbalarni chuchuklashtirish talab etiladi.
Suvni chuchuklashtirish jarayoni esa katta miqdordagi energiya sarfi bilan bog‘liq. Buning uchun ketadigan resursni tejash maqsadida quyosh energiyasi hisobidan ishlaydigan, iqtisodiy tejamkor, takomillashgan suv chuchitish qurilmasini ishlab chiqish va zamonaviy variantlarini tadqiq qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Yosh olima Sevara Mirzayorova tomonidan muqobil energiya manbai hisobidan ishlaydigan va bir kecha-kunduzda 9,8 litr distelyat (bug‘latilib, keyin yana suyuq holatga keltirilgan mahsulot) olish imkonini beradigan kombinatsiyalashgan quyosh kollektorli ko‘p pog‘onali quyosh suv chuchitkich qurilmasi ishlab chiqildi.
Yangi texnologiya, ya’ni kombinatsiyalashgan quyosh suv chuchitish qurilmalaridan foydalanish kam xarajat talab etadi hamda zamon talabiga javob bera oladigan konstruksiya hisoblanadi. Eng asosiysi, elektr ta’minotiga ulanmaydi, u qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida ishlaydi.
Chiqindini chiqitga chiqarmang
Quyosh energiyasi asosida chiqindilardan muqobil yoqilg‘i olish qurilmasi chiqindilarni boshqarish, energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda mahalliy iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan innovatsion texnologiya hisoblanadi. Hozirgi kunda chiqindilarni yig‘ish, tashish va poligonlarda saqlash jarayonlari katta iqtisodiy xarajatlarni talab qiladi. Shu bilan birga, organik chiqindilarning katta qismi qayta ishlanmasdan yo‘qotiladi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili 2,01 milliard tonnadan ortiq maishiy qattiq chiqindilar hosil bo‘ladi va bu ko‘rsatkich 2050-yilga borib 3,4 milliard tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida ham chiqindilar hajmi ortib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda yiliga 7-8 million tonna maishiy qattiq chiqindilar hosil bo‘ladi. Ushbu chiqindilarning katta qismi poligonlarda saqlanadi yoki yoqib yuboriladi, bu esa ekologik va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi.
Dotsent Hamidilla Almardonovning geliopiroloz qurilmasi mavzusidagi loyiha zamonaviy energetika, ekologiya va chiqindilarni qayta ishlash sohalarida muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan innovatsion ishlanma hisoblanadi. Hozirgi kunda aholi sonining ortishi, urbanizatsiya jarayonlarining jadallashuvi hamda sanoat ishlab chiqarish hajmining kengayishi natijasida maishiy va organik chiqindilar miqdori sezilarli darajada ortib bormoqda. Ularni samarali boshqarish va qayta ishlash masalasi nafaqat ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham muhim muammolardan biri hisoblanadi.
Mazkur loyiha chiqindilarni qayta ishlash orqali ulardan energiya resurslari olish imkonini beruvchi geliopiroliz texnologiyasiga asoslangan qurilmani ishlab chiqishga qaratilgan. Uning ishlash prinsipi biomassa va organik chiqindilarni quyosh energiyasi yordamida hosil qilingan yuqori harorat ta’sirida kislorodsiz muhitda termokimyoviy parchalash jarayoniga asoslanadi. Piroliz jarayoni natijasida gazsimon, suyuq va qattiq muqobil yoqilg‘i mahsulotlari hosil bo‘ladi. Qurilmaning asosiy innovatsion jihati shundaki, unda an’anaviy elektr yoki gaz o‘rniga qayta tiklanuvchi resurs hisoblangan quyosh manbasidan foydalaniladi. Bu esa energiya sarfini kamaytirish, jarayonning ekologik tozaligini ta’minlash hamda qurilmaning iqtisodiy samaradorligini oshirish imkonini beradi.
O‘tkazilgan ilmiy hisob-kitoblar va tajriba natijalariga ko‘ra, geliopiroliz qurilmasi yordamida yiliga taxminan 2 tonna biomassa va organik chiqindilarni qayta ishlash mumkin. Ushbu jarayon natijasida 600-750 kub metr gazsimon yoqilg‘i, 700-800 kilogramm piroliz suyuqligi hamda 400-600 kilogramm bioko‘mir olish imkoniyati mavjud. Mazkur mahsulotlar energetik jihatdan qimmatli bo‘lib, ularni maishiy ehtiyojlar, issiqxona xo‘jaliklari, kichik ishlab chiqarish korxonalari hamda qishloq xo‘jaligi obyektlarida yoqilg‘i sifatida qo‘llash mumkin. Shu bilan birga, piroliz jarayonida hosil bo‘ladigan bioko‘mir tuproq unumdorligini oshirishda ham qo‘llanilishi mumkin.
Loyihaning yana bir muhim jihati uning ekologik samaradorligi bilan bog‘liq. Organik chiqindilarni poligonlarda saqlash yoki ochiq muhitda yoqish natijasida atmosfera havosiga katta miqdorda issiqxona gazlari ajralib chiqadi. Mazkur qurilma yordamida chiqindilarni qayta ishlash orqali atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid emissiyasini sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Yiliga 2 tonna organik chiqindini qayta ishlash orqali 3-3,5 tonna karbonat angidrid hosil bo‘lishining oldi olinadi. Bu esa atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Bozor hajmini baholash shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda hosil bo‘ladigan 7-8 million tonna chiqindining katta qismi organik tarkibga ega bo‘lib, ular energiya olish uchun qayta ishlanishi mumkin. Shu sababli chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalariga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Mazkur qurilma chiqindilarni qayta ishlash va muqobil energiya ishlab chiqarish bozorida istiqbolli innovatsion texnologiya sifatida muhim o‘rin egallaydi.
Abdurazzoq MURODOV